AMUDARYO TUMAN XALQ TALIMI MUASSASALARI FAOLIYATINI METODIK TA'MINLASH VA TASHKIL ETISH BO'LIMINING RASMIY SAYTI

Olmaning ming bir xosiyati

Kembridj universiteti olimlari 49 yoshdan 79 yoshgacha bo‘lgan 25 ming kishi ishtirokida yirik tadqiqot o‘tkazib, shunday xulosaga kelishdi: har kuni bitta olma iste’mol qilgan kishining umri uch yilga uzayar ekan.

— Olma tarkibida biriktiruvchi to‘qimalar va pektin juda ko‘p, — deydi biologiya fanlari doktori Ye.Teryoshina. — Pektin tabiiy polimer bo‘lib, zararli (radioaktiv) moddalar, og‘ir metallar, xolesterinni yutish va ularni organizmdan chiqarib yuborish xususiyatiga ega. Shunga ko‘ra, bu ne’mat ichaklarni va qonni tozalaydi, ichak mikroflorasini tiklaydi, qondagi qand miqdorini kamaytiradi, immunitetni mustahkamlaydi. Bu esa, haqiqatdan ham, umrga umr qo‘shiladi, deganidir.

Olmaning organizmni saraton xastaligidan himoyalashi ham isbotlangan. Negaki, antioksidantlarning ko‘pligi jihatidan olmaga teng keladigan meva yo‘q. Olma to‘qimalarni shikastlovchi erkin radiakallarni neytrallashtirib, saratonga qarshi kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Antioksidantlar olmaning mag‘izida bisyor, ayniqsa, po‘stida ko‘proq. Olimlar olmaning po‘stida triterpenoid deb ataluvchi organik birikmalar mavjudligini ham kashf etishdi. Bu birikma ko‘krak bezida, jigar va yo‘g‘on ichakda saraton to‘qimalari ko‘payishining oldini oladi. Kuchli antioksidant hisoblanuvchi flavonoidlar olmaning po‘stida uning mag‘zidagiga qaraganda 2-3 barobar, fenol kislotalari esa 2-6 barobar ko‘p ekan. Shuni ham unutmaslik kerakki, olma daraxtlari zararkunandalarga qarshi dorilanadi, shuningdek, xorijdan keltiriladigan olmalarga uzoq vaqt saqlanishi uchun kimyoviy ishlov beriladi. Bularni hisobga olib, iste’mol qilishdan oldin ularning po‘stini issiq suv va sovun bilan yaxshilab yuvish zarur. Kelajakda olmaning foydali xususiyatlari asosida saraton xastaliklarini davolash uchun yangi preparat yaratilishi mumkin, deyishmoqda olimlar.

Florida universiteti olimlari 45 dan 65 yoshgacha bo‘lgan bir guruh ayollarning osh-ovqatiga bir yil davomida kuniga 75 grammdan olma qoqi qo‘shib berib, tadqiqot o‘tkazdilar. Sinov davrida ular organizmidagi xolesterin miqdori tahlil etib borildi. Oradan olti oy o‘tib, ularda qon tomirlarda toshma hosil qiluvchi, ateroskleroz, yurak xuruji va insultga sabab bo‘ladigan yomon xolesterinlar miqdori o‘rtacha 23 foizga, shuningdek, yurak xurujiga sababchi deb qaraladigan biomarkerlar miqdori ham xiyla kamaygani qayd etildi. Bundan tashqari, olma qoqi tanovul qilgan ayollar 1,5 kilogrammgacha vaznlarini yo‘qotishgan.

Olma me’da-ichak og‘riqlarini ham yengillashtiradi.

— Olmadagi biriktiruvchi to‘qimalar mikroflorani muvozanatda saqlab, qabziyatga qarshi muolaja bo‘ladi, — deydi gastroenterolog shifokor S. Kosyura. — Olmadagi organik kislotalar taom hazm bo‘lishiga yordam beradi, mikroflora sog‘lomligini ta’minlaydi. Olma o‘t haydash xususiyatiga ham ega. Shu sababli shifokorlar jigarda tosh bo‘lganda olma iste’mol qilishni tavsiya etishadi.

Biroq shifokorlar gastrit, pankreatit hamda me’da yarasi bor kishilarga o‘ta nordon olmalarni iste’mol qilishni tavsiya etishmaydi. Qo‘rda, duxovkada yoki dimlab pishirilgan olma esa bu xastaliklarni davolashda qo‘l keladi. Olma ozishga ham yordam beradi. Agar u pirojniy o‘rniga iste’mol qilinsa, vaznni kamaytiradi. Shunga qaramay, olma tarkibida ko‘p miqdorda uglevodlar va qand mavjudligi bois, uni parhezbop ne’mat deb bo‘lmaydi. Olmaning mayda urug‘larida yod bor, biroq u me’dasi sezgir odamlarga to‘g‘ri kelmaydi.

Olma, ayniqsa, o‘pka va nafas yo‘li a’zolari uchun juda foydali. Ingliz olimlari olma damqisma xastaligi xavfini kamaytirishini aniqladilar. Buning uchun haftasiga ikkitadan olma iste’mol qilish ham yetarli ekan. Olmaning bunday foydali xususiyatlarini ko‘pchilikda sinab ko‘rgan avstraliyalik va finlandiyalik olimlar ham yuqoridagi tavsiyalarni tasdiqlashgan. Fin olimlarining fikricha, tabiatning boshqa ne’matlarida bunday xususiyat yo‘q ekan. Niderlandiyalik olimlar esa, katta yoshdagi 13 ming kishida tadqiqot o‘tkazib, shunday qarorga kelishdi: olma va nok nafas yo‘li a’zolariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Haftasiga beshtadan olma iste’mol qiladiganlarda o‘pka hajmi boshqalarnikidan katta bo‘larkan.

· Selektsiyachi olimlarning aytishicha, pishganidan so‘ng vaqtida terib olingan olma yerdan ham kuch olarkan. Yo‘lda yoki tokchada pishib-etilgan olmada esa foydali moddalar nisbatan kam bo‘lar ekan.

Olimlar guvohlik berishicha, selektsiya yo‘li bilan yaratilgan navlardan ko‘ra, chiroyli ko‘rinmasa ham yovvoyi olmalarda to‘yimli moddalar 15 foiz ko‘proq.

· Daraxtdan yerga to‘kilgan olma sirtidagi burushgan, ezilgan joylarda mog‘or va zaharli modda to‘planadi. Olis xorijdan keltirilib, sirti mo‘m bilan ishlangan olmaning po‘sti juda zich bo‘ladi.

· Olmaning kesilgan joyi tez qorayib qolishi tarkibida temir moddasi ko‘pligidan dalolatdir.

· Olmaning rangida ham gap ko‘p. Ko‘k rangli navlar parhezbop va allergenlari kam olma hisoblanadi. Ularda kislotalar va S darmondorisi boshqa navlardagidan ko‘ra ko‘p, qand miqdori esa oz bo‘ladi. Rangdor navli olmalarda esa pektin va antioksidantlar ko‘proqdir.

· Olmaning katta-kichikligida ham farq bor: hajmi juda katta bo‘lsa, unday olma yo pishib o‘tib ketgan yoki kimyoviy moddalar bilan to‘yintirilgan, hajmi kichiklari esa pishib yetilmagan bo‘ladi.

· Olmaning hidi o‘tkir bo‘lsa, bu uning pishib-etilganligi, demak foydali moddalarga boyligidan ­dalolatdir.

“AiF”ning 2012 yil 33-sonidan