AMUDARYO TUMAN XALQ TALIMI MUASSASALARI FAOLIYATINI METODIK TA'MINLASH VA TASHKIL ETISH BO'LIMINING RASMIY SAYTI

Ustoz o'qituvchilar

Ta'limda erishilayotgan mislsiz yutuqlarimiz zamirida ushbu sohaga tamal toshini qo‘ygan, xalqimiz orasida ma'naviyat va ma'rifat urug‘larini sochgan ota-bobolarimizning ham xizmatlari katta. Amudaryo tumanining eng obro‘li ustozlaridan biri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq o‘qituvchisi Qodirbergan hoji Jumamurod o‘g‘lining ko‘p yillik mehnatlari asosida tumanimizda faoliyat yuritgan ta'lim fidoyilari haqida “Amudaryolik ziyokorlar” nomli tarixiy-biografik kitobi yaratildi. Kitobda tumanimizda uzoq yillar davomida ta'lim sohasida fidoiy mehnat qilgan 250 dan ortiq ustozlar haqida ma'lumot berilgan.

Ushbu kitob haqida Amudaryo tumani hokimi Rajabboy Yo‘ldoshev quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan:

“O‘tgan asrning 20-yillarida tumanimiz hududida yangi tuzum maktablarini tashkil etish, ularga qishloq bolalarini jalb etish va saboq berish muallimlar uchun katta qiyinchiliklar tug‘dirgani bor haqiqat. Tarixiy-biografik asardan joy olgan har bir o`qituvchiga uning o‘ziga xos dunyoqarashi, ta'lim-tarbiyaga oid ish usullari, sohaga joriy etgan yangiliklari, erishgan muvaffaqiyati mezonlaridan turib baho beradigan bo‘lsak, har qaysi lavha qahramoni hayotining o‘zi tugal bir asarga mavzu bo‘lgulikdir.

Hamma zamonlarda ham biron-bir yangilikning xalq hayoti va turmushiga singib, ildiz otib ketishi qiyin kechgan. Masalaga shu nuqtai nazardan qaraganda, sobiq Mang‘it, hozirgi Amudaryo tumanida 1923-1930 yillar oralig‘ida yangi maktablar tashkil etish, yosh o‘g‘il-qizlarga ta'lim berish, shuning barobarida kattalarning ham xat-savodini chiqarish, aholi o‘rtasida ta'lim-tarbiyaning zamonaviy usullarini targ‘ib qilish o‘ta mashaqqatli va mas'uliyatli ish hisoblanardi. O‘sha davrdagi vaziyat nainki o‘qituvchilar, balki yangi maktablarning ilk o‘quvchilari uchun ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarardi. Chunonchi, tuman xalq ta'limi tizimini shakllantirish borasida juda katta tashviqot va targ‘ibot ishlarini olib borgan birinchi maktab mudiri Olloyor afandi Jumaniyozov, soha faollaridan Ollambergan Xarobatiy, Abdulla Matanovlar, qishloq yoshlarini yangi maktablarda o‘qishga da'vat etish yo‘lida jon kuydirgan Iris Eshniyozova, Norjon Boltaboyeva, O‘tabozor Vafo qizi kabi faol xotin-qizlar yangilik qurboni bo‘ldilar. Beqiyos fidoyiliklar, kutilmagan qurbonliklar evaziga 1924 yil oktyabrida Mang‘it shahrida dastlabki boshlang‘ich maktab ochildi. U tuman xalq ta'limi tizimi tarixiga «Namuna» nomi bilan kirdi. Keyinchalik uning negizida talay maktablar vujudga keldi.

 Albatta, «Amudaryolik ziyokorlar» faqatgina tumanning turli qishloq-ovullarida maktab ochgan fidoyilar, ularda tahsil olgan, keyinchalik malakali mutaxassislar, olimu fozillar, davlat va jamoat arboblari bo‘lib yetishgan insonlar qo‘liga qalam tutqazib, xarf o‘rgatgan muallimlar faoliyati haqidagi kitob emas. U tumanimiz ahli, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun muhim ma'naviy-ma'rifiy qo‘llanma ham bo‘la oladi. Chunki asar qahramonlari o‘z vaqtida rosmanasiga mardlik namunalarini ko‘rsata olgan insonlardir. Ular oylab, hatto yillab maosh, ish haqi nimaligini bilishmagan. Qo‘llarida yetarli va mukammal ta'lim dasturlari bo‘lmasa-da, o‘g‘il-qizlarni jamlab, ta'lim-tarbiya berishgan. Zarur ko‘rgazmali qurollarni o‘zlari yasashgan, darsliklar yetishmagan kezlarda tunlari pilta chiroq yorug‘ida o‘quvchilari uchun yangi mavzular ko‘chirib chiqishgan. Ularning butun orzu o‘ylari, maqsad va matlablari bitta - ona -Vatanga munosib, komil insonlarni tarbiyalab voyaga yetkazishdan iborat bo‘lgan.

            Qalblari mehrga to‘la, hayotlari ta'lim-tarbiya ishiga baxshida insonlar - ustoz murabbiylar mehnatini qadru ehtirom lutflari ila ulug‘lab, ushbu kitobni bitgani uchun Qodirbergan hoji Jumamuratovdan barchamiz minnatdor bo‘lmog‘imiz darkor.”

 

Amudaryolik ziyokorlar. Qodirbergan hoji Jumamurod o`g`li. Noshir 2012-y. 


Sana: 2013-03-19


Daftar hoshiyasidagi bitiklar

Nar lochin yemish topib kelarkan. Moda lochin o’ljani polaponlariga bo’lashib berarkan. Biron falokat bo’lib, moda lochin o’lib qolsa, nar lochin har qancha yemish topib keltirmasin, baribir, polaponlar ochidan nobud bo’lar ekan. Negaki, nar lochin o’ljani bolalariga burdalab berishni eplolmas ekan…Tabiat naqadar beshafqat, tabiat naqadar dono!

O'tkir Hoshimov

Savolnoma

Saytda qanday mavzuda ma'lumotlar berilishini istardingiz?